Namangan viloyati yuridik
texnikumi Kengashining
2020 yil “16” dekabrdagi
37-um-sonbuyrug‘iga
ILOVA
Namangan viloyati yuridik texnikumining
ODOB-AXLOQ QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida o‘qishni tashkil qilish choralari to‘g‘risida”gi 858-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2020 yil 24 martdagi “Adliya organlari va muassasalarida kadrlar siyosatini belgilash va kadrlar bilan ishlash sohasiga oid hujjatlarni tasdiqlash haqida” 68-um-son buyrug‘i, Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2020 yil 30 oktyabrdagi 677-son “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlari faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020 yil 12 avgustdagi 137-um-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Namangan viloyati yuridik texnikumi Ustavi va Ichki tartib qoidalariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Ushbu qoidalar umumeʼtirof etilgan maʼnaviy va axloqiy tamoyillarga hamda mamlakatda o‘tkazilayotgan keng qamrovli islohotlar, zamonaviy talablarga javob beradigan “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlashda o‘quvchilarni vatanparvarlik,
yuksak maʼnaviy-axloqiy va intellektual fazilatlarni rivojlantirish, huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish bo‘yicha samarali tizimni yaratish, texnikumda sog‘lom maʼnaviy va ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish hamda texnikumning jamiyatdagi va taʼlim tizimidagi nufuzi, obro‘-eʼtiborini asrab-avaylash va yana-da oshirish maqsadida, texnikumning barcha pedagog va boshqa xodimlari (keyingi o‘rinlarda xodim deb yuritiladi) va o‘quvchilari tomonidan texnikum hududida, kundalik hayotida rioya etishlari shart bo‘lgan odob-axloq normalarini belgilaydi.
2. Mazkur qoidalarning asosiy vazifalari:
o‘quv jarayonini samarali tashkil etish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlar yaratish;
yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, jamiyat, davlat va oila oldida o‘z masʼuliyatini his etadigan, vatanparvar va insonparvar, zamonaviy bilimlar bilan qurollangan irodasi baquvvat, iymoni butun va vijdoni pok mutaxassislarni tayyorlash;
milliy taʼlim maydonida texnikumning nufuzi va raqobatbardoshligini ko‘tarish hamda yuridik kadrlarni tayyorlash sifatini yana-da yaxshilashga yo‘naltirilgan texnikumni o‘quv, o‘quv-uslubiy, tashkiliy-uslubiy hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlari asoslarini mustahkamlash va rivojlantirish;
sog‘lom psixologik muhitni saqlash va barcha xodim va o‘quvchilar faoliyati samarasini oshirish maqsadida yagona axloq normalarini taʼminlash;
texnikumga nisbatan ijtimoiy ishonchni mustahkamlash hamda texnikum obro‘-eʼtibori va imijini saqlab qolishda ko‘maklashish;
yoshlar orasida odob-axloq qoidalarini buzishga, shu jumladan zo‘ravonlik, shafqatsizlik va hayosizlikni tashviqot qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlarning oldini olish;
yoshlarni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlari, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan ekstremistik taʼsirlardan himoya qilishga ko‘maklashishdan iborat.
2-bob. Texnikum xodimlari va o‘quvchilarining odob-axloqiga
oid umumiy qoidalar
3. Texnikumda hamjihatlik, g‘amxo‘rlik, o‘zaro ishonch, hurmat, do‘stona munosabat, insoflilik, vijdonlilik, ahil-inoqlik xodimlar
va o‘quvchilarning o‘zaro munosabatlaridagi muhim shartlardir.
Xodim va o‘quvchi texnikumda faoliyat yuritayotgan (o‘qiyotgan) turli millat va elat vakillarining odob-axloq qoidalari, milliy udum,
urf-odatlari va anʼanalarini hurmat qilishi lozim.
4.Texnikumda o‘zaro munosabatlarning asosiy tamoyili – bir shaxsning huquqi boshqa shaxsning huquqini poymol qilmasligi lozim, jumladan xodim yoki o‘quvchining so‘z erkinligi, unga birovga tuhmat qilish, haqoratlash, o‘zaro munosabatlarda umumeʼtirof etilgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi behayo so‘zlardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi, vijdon erkinligi texnikumda diniy marosimlarni o‘tkazish huquqini bermaydi, kiyim-kechaklarni kiyish erkinligi esa tarbiya jarayoniga salbiy taʼsir o‘tkazish hollarini keltirib chiqarishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Xodimning shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy yoki boshqa munosabatlari uning texnikumdagi faoliyatiga taʼsir etishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
5. Texnikum xodimlari o‘z kasbiga mos bo‘lgan kiyimda bo‘lishlari lozim.
O‘quvchi-yigitlar texnikumga (belgilangan formada) oq ko‘ylakda, klassik uslubdagi shim-kostyum, galstukda va to‘q rangdagi poyafzalda kelishlari lozim.
Bunda o‘zlari bilan o‘quv vositalarini olib kelishda 25×20 o‘lchamdan kichik bo‘lmagan papka yoki portfel tutishlari shart.
O‘quvchi-qizlar texnikumga (belgilangan formada) oq bluzkalarda, tizzani yopib turadigan yubka va kostyum, to‘q rangdagi poyafzalda kelishlari lozim.
Bunda o‘zlari bilan o‘quv vositalarini olib kelishda 25×20 o‘lchamdan kichik bo‘lmagan papka yoki portfel tutishlari shart.
O‘quvchilar auditoriyada, xodimlar esa xizmat xonalarida ustki kiyimda (plash, palto, kurtka kabilar) yurishlari mumkin emas.
6. Xodimlar va o‘quvchilar texnikumga diniy ibodat libosida, sport kiyimi va poyafzalida kelishi, ularning odamlar diqqatini tortadigan, xususan, tanani shaffof ko‘rsatib turadigan, yelka, ko‘krak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor kiyimda, shuningdek naushniklar, metall zanjirlar va boshqa taqinchoqlar, pirsingda texnikumga kelishi mumkin emas.
7. Xodim va o‘quvchilarning tashqi qiyofasi ozoda, pokiza, soch va soqoli olingan bo‘lishi lozim.
Texnikumning ayol xodimlari va o‘quvchi qizlariga yorqin pardoz (makiyaj) qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Xodimlar va o‘quvchilar shaʼni va qadr-qimmati eʼzozlanishi hamda xalqimizning maʼnaviy merosini avaylab-asrash maqsadida, bir-biriga nisbatan hurmatsizlik qilishi, behayo so‘zlar ishlatishi qatʼiy taqiqlanadi. O‘zaro “Siz” deb murojaat qilish odat tusiga kirishi lozim.
O‘quvchilar xodimlarga ismi sharifini aytib murojaat qilishlari shart. Hamkasb xodimlar ham o‘zaro muloqotda bir-biriga ismi sharifini aytib murojaat qilishlari lozim.
9.Xodim va o‘quvchilar turli tadbirlar (majlislar, tantanali yig‘ilishlar, uchrashuvlar, bayramlar)da so‘zga chiquvchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, tinchlikka rioya etishlari shart. Zarurat tug‘ilganda majlislar zalidan nutqlar o‘rtasida chiqishga ruxsat etiladi.
10.Binolarga kirish va binolardan chiqish joylarida, shuningdek koridorlarda o‘quvchilar xodimni, erkaklar esa ayollarni o‘zlaridan oldin o‘tkazib yuborishlari lozim.
11. Binoga kirayotgan har bir shaxs binolarga kirib-chiqishni nazorat qilish uchun tayinlangan masʼul xodimga yoki navbatchiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ochiq holda ko‘rsatishi shart.
12.Xodim va o‘quvchilar texnikum hududida va koridorlarda o‘ng tomondan yurishlari kerak. Bir-biriga duch kelganda, albatta, salomlashishlari, bunda o‘quvchilar xodimlarga, erkaklar xotin-qizlarga, yoshlar kattalarga birinchi bo‘lib salom berishlari tavsiya etiladi.
13.Davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, taʼlim va ilmiy muassasalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlarda texnikum xodimlari va o‘quvchilari rasmiy muloqot meʼyor va qoidalariga rioya etib, quyidagilarga majbur:
o‘z harakatlarini texnikum manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirish, uning imijini saqlash, texnikum, uning xodim va o‘quvchilari manfaatlariga
va nomiga ziyon yetkazadigan harakatlarni amalga oshirmaslik;
texnikumning xodim va o‘quvchilari haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yoki noto‘g‘ri talqin qilingan maʼlumotlarni tarqatmaslik, shuningdek shunday maʼlumotlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, shu jumladan jamoat oldida chiqishlar qilmaslik;
texnikum xodimlari va o‘quvchilarining roziligisiz ularning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni oshkor qilmaslik;
xodim va o‘quvchilar haqida ularning kasbiy va o‘quv faoliyatiga oid bo‘lmagan maʼlumotlarni aniqlashtirmaslik;
xizmat axborotlarini taqdim etish qoidalariga amal qilish;
axborotni yetarlilik (haddan tashqari qisqa va shu bilan birga o‘ta keragidan ortiq) va ishonchlilik (qayta tekshirishni talab qilmaydigan) talablariga muvofiq holda taqdim etish;
o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida olingan maxsus maʼlumotlarni texnikum rahbariyatining ruxsatisiz tarqatmaslik.
14. Umumbashariy va milliy qadriyatlarga xos bo‘lmagan yoki texnikumning nufuziga putur yetkazadigan materiallarni Internet
tarmog‘iga joylashtirish yoki ulardan turli noo‘rin maqsadlar yo‘lida foydalanish taqiqlanadi.
15.Texnikumga tegishli kompyuterlarda texnikum faoliyatiga tegishli bo‘lmagan maʼlumotlarni, shuningdek turli kinofilmlar, noqonuniy maʼlumotlar, behayo suratlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targ‘ib qiluvchi har qanday materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish va targ‘ib etish qatʼiyan man etiladi.
16.O‘quv mashg‘ulotlariga, ishga hamda xodim va o‘quvchilarning osoyishtaligiga xalaqit beradigan xatti-harakatlar (radiopriyomnik, televizor, multimedia va ovoz chiqaruvchi moslamalardan maqsadsiz foydalanish) sodir etish taqiqlanadi.
17.Texnikum xodim va o‘quvchilari dars mashg‘ulotlari va ishga belgilangan kun tartibiga ko‘ra o‘z vaqtida kelishlari shart.
18. Texnikum xodim va o‘quvchilari taʼlim muassasasiga kirib kelishda o‘z telefonining chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi (telefonni “ovozsiz” rejimga o‘tkazishi) shart.
Texnikumda o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar boshlanishidan oldin o‘quvchilar:
telefonini o‘chirib qo‘yishi;
telefonini portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo‘yishi lozim.
19. O‘quvchilarga quyidagilar qatʼiyan taqiqlanadi:
telefonini bo‘yniga osib olish;
telefon akkumulyatorini zaryadlash uchun texnikum elektr tarmoqlariga ulash;
telefonida zo‘ravonlik, shafqatsizlik va pornografiyani targ‘ib qiluvchi video va suratlarni saqlash hamda vandalizm holatlarini suratga olish;
o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida telefon orqali so‘zlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish, telefonni stol ustiga qo‘yish, undan diktofon, kalkulyator, kalendar, yoki bloknot sifatida foydalanish, suratga olish va video tasvirga tushirish.
20. Texnikum xodim va o‘quvchilariga quyidagi holatlar qatʼiy taqiqlanadi:
har qanday huquqbuzarlik sodir etish, shu jumladan tuhmat qilish, haqoratlash, xodim va o‘quvchiga jismoniy, maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan maʼlumotni tarqatish, tan jarohati yetkazish;
xodim va o‘quvchilar o‘zlari bilan o‘tkir tig‘li va inson hayotiga xavf yetkazishi mumkin bo‘lgan buyumlar inson sog‘lig‘iga qarshi taʼsir etuvchi kimyoviy moddalar hamda elektr toki o‘tkazuvchi jihozlar va boshqa shu kabi har xil qurollarni yonlarida olib kelish va (yoki) saqlash;
dars mashg‘ulotlari vaqtida o‘quvchilar Internetkafe va kompyuter klublariga borish;
giyohvand moddalar, psixotrop vositalar, alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish va tarqatish;
halovat yoki osoyishtalikka tajovuz qilish, janjallashish, qimor va shunga o‘xshash boshqa o‘yinlar o‘ynash.
3-bob. Rahbar va xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar
21. Rahbariyat va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlar, o‘zaro hurmat, ahillik, faollik, bag‘rikenglik, hamkorlik, insonparvarlik, g‘amxo‘rlik va adolat tamoyillariga asoslanadi.
22. Rahbariyat va xodimlarning ish faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha hamkorlik qilishida bir tarafning boshqa tarafga tazyiq o‘tkazishiga, adolat tamoyillariga va texnikum manfaatlariga zid bo‘lgan harakatlar sodir etishiga yo‘l qo‘ymaydi.
23. Lavozim darajalari teng bo‘lgan xodimlar o‘rtasidagi muammolarni o‘zaro hal etish tavsiya etiladi. Lavozim darajalari teng bo‘lgan xodimlarning ish jarayonidagi turli muammolarni o‘z vakolatlari doirasida, rahbarlarni jalb etmagan holda hal etishlari maʼqullanadi.
24. Jamoada biror bir masala bilan rahbar xodimlarga murojaat qilish tartibi (subordinatsiya) tamoyili asosida tashkil etiladi.
25. Xodimlarning texnikumda maʼnaviy-axloqiy muhitni yana-da yaxshilash bo‘yicha tashabbus va g‘oyalari rag‘batlantiriladi.
26. Texnikum rahbariyati xodimlarning kasbiy va intellektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuterlar, internet tarmog‘i, axborot-resurslaridan erkin foydalanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib beradi.
4-bob. Xodimlarning o‘quvchilar bilan taʼlim-tarbiya jarayonidagi o‘zaro munosabatlari
27. Xodim va o‘quvchilarning taʼlim-tarbiya jarayonidagi o‘zaro munosabatlari milliy anʼanalar va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslanishi lozim.
Xodimlarning o‘quvchilarga nisbatan yuqori talabchanligi ularning
shaxsini hurmat qilish bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak.
28.Xodim auditoriyaga kirganida, barcha o‘quvchilar o‘rinlaridan turib salomlashishlari, so‘ngra faqat pedagog xodimning ruxsati bilan o‘z joylarini egallashlari kerak. Xodim auditoriyadan chiqqanda, o‘quvchilar o‘rinlaridan turishlari lozim. Shu tariqa o‘quvchilar dars mashg‘ulotlari vaqtida auditoriyaga kirgan yoshi katta insonlar bilan o‘rinlaridan turib salomlashishlari lozim.
29.O‘quvchilarning darsga kech qolib kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Lekin, uzrli sababga ko‘ra darsga kech qolgan o‘quvchi uzr so‘rab, pedagog xodimning ijozati bilan joyiga o‘tirishi mumkin. Dars mashg‘ulotiga kech qolgan o‘quvchi faqat pedagog xodimning ruxsati bilan auditoriyaga kiritiladi.
Pedagog xodim dars mashg‘ulotlariga nojo‘ya harakatlari bilan xalaqit berayotgan o‘quvchini yuzaga kelgan vaziyat haqida mutaxassisliklar va kasblar dekanni yoki guruh murabbiyini xabardor qilib, darsdan chetlatishi mumkin.
30.O‘quvchi uchun pedagog xodim bilan o‘quv mashg‘ulotlaridan tashqari vaqtda muloqot qilish zarurati bo‘lsa, u holda muloqot:
o‘zaro kelishuv bo‘yicha belgilangan vaqtda amalga oshirilishi mumkin;
o‘quvchi muloqot uchun oldindan kelishilmagan holda pedagog xodimning huzuriga kelsa, u bilan suhbatlashishni talab qilishga ham haqli emas.
31.Asoslantirilgan jiddiy sabablar (qo‘pollik, tamagirlik, pedagog xodimning aybi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilishidagi muntazam uzilish hollarini isbotlovchi dalillar va boshqalar) hamda guruh (kurs)ning yakdil fikri mavjud bo‘lgandagina, o‘quvchilar pedagog xodimni almashtirish haqida texnikum rahbariyatiga murojaat qilishlari mumkin.
32.O‘quvchilar fanlardan reyting ballini olishda pedagog xodimga har qanday shakldagi rag‘batlantirishni bevosita yoki bilvosita taklif etishi man etiladi.
33. Pedagog xodimlar reyting ballini qo‘yish uchun o‘quvchidan har qanday shakldagi rag‘batlantirishni bevosita yoki bilvosita so‘rashi yohud talab qilishi, shuningdek boshqa xodimlar o‘quvchiga reyting ballini qo‘yib berish masalasida murojaat qilishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
34. Pedagog xodimlarga o‘quvchilar bilimini baholashda har qanday aralashuv, ruhiy yoki jismoniy tazyiq o‘tkazish taʼqiqlanadi.
5-bob. Xodimlarning o‘zaro munosabatlari
35.Xodimlarning o‘zaro munosabatlari yagona jamoa, o‘zaro hurmat
va eʼtibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat, o‘z huquqlarini suiisteʼmol qilmaslik tamoyillariga asoslanishi lozim.
36.Xodimlar munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik qilish, shaxsiyatini kamsitish, o‘zganing intellektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish, o‘zgalarga maʼnaviy, moddiy yoki jismoniy ziyon yetkazish qatʼiyan man etiladi.
6-bob. O‘quvchilarning o‘zaro munosabatlari
37.O‘quvchilarning o‘zaro munosabatlari yagona jamoa, o‘zaro hurmat
va eʼtibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat, o‘z huquqlarini suiisteʼmol qilmaslik tamoyillariga asoslanishi lozim.
38.O‘quvchilar munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik qilish, shaxsiyatini kamsitish, laqab qo‘yish, o‘zganing intellektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish, o‘zgalarga maʼnaviy, moddiy yoki jismoniy ziyon yetkazish, masxara qilish qatʼiyan man etiladi.
7-bob. Xodimlarining odob-axloqqa oid majburiyatlari
39. Texnikum xodimlarining odob-axloqqa oid majburiyatlari quyidagilardan iborat:
o‘quvchilarga o‘rnak bo‘lish;
o‘z faoliyatini yuksak kasbiy darajada amalga oshirish;
texnikum obro‘-eʼtibori va nufuziga dog‘ tushiradigan har qanday harakatlarni sodir etishdan o‘zini tiyish hamda bunday harakatlar sodir etilishining oldini olish;
texnikum to‘g‘risidagi axborotlardan uning manfaatlari va obro‘siga ziyon yetkazish uchun yoki o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmaslik;
texnikum mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish (ko‘char va ko‘chmas mulk, o‘simlik va boshqalar), shu jumladan xizmat vazifasini bajarish uchun berilgan orgtexnika vositalari va boshqa materiallaridan to‘g‘ri va tejamkorona foydalanish;
o‘z xizmat joyidagi tartib-intizomga va xizmat hujjatlari bilan ishlash qoidalariga rioya qilish;
elektr energiyasi va suvni tejamkorona ishlatish;
taʼtildan oldin, mehnat shartnomasi tugatilganda o‘z xizmat joyini talabga javob beradigan holatda qoldirish, o‘z zimmasidagi orgtexnika vositalari va boshqa materiallarni, o‘ziga topshirilgan, lekin hali yakunlanmagan vazifalarni boshqa shaxsga topshirish;
noxush voqea yoki hodisa ro‘y bersa, u haqda zudlik bilan texnikum rahbariyatiga xabar berish;
odob-axloqqa oid milliy anʼana, urf-odat va qadriyatlarimizni targ‘ib qilish;
yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;
yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda insoniyat uchun yot bo‘lgan ekstremistik taʼsirlardan ogoh etib borish;
o‘quvchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash va maʼrifiy ishlarning samarali shakl hamda uslublarini ishlab chiqishda ko‘maklashishga majbur.
8-bob. O‘quvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari
40. O‘quvchilarlarning odob-axloqqa oid majburiyatlari quyidagilardan iborat:
a) texnikum hududida:
tabiatni ifloslantirmaslik, chiqindilarni joylardagi maxsus qo‘yilgan qutilarga tashlash;
xodimlar mehnati, shaʼni va g‘ururini hurmat qilish;
xodimlar bilan duch kelganda salom berish;
dars mashg‘ulotlari vaqtida texnikum hududida va auditoriyadan tashqari joylarda behuda yurmaslik;
texnikum mulkiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
mutasaddi xodimlarning ruxsatisiz turli reklama vositalarini osmaslik;
tinchlikni saqlash;
o‘z harakatlarini ongli boshqarish;
b) auditoriyada:
uyali aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yish;
dars mashg‘uloti vaqtida gaplashmaslik hamda dars mashg‘ulotiga taalluqli bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanmaslik;
jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, partalarga yozmaslik;
ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslik;
qog‘oz, saqich va boshqa keraksiz narsalarni qoldirib ketmaslik;
v) axborot-resurs markazida:
uyali aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yish hamda foydalanmaslik;
axborot-resurs markazi xodimlari bilan xushmuomala bo‘lish;
kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
baland ovozda so‘zlashmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslik;
ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslik;
qog‘oz va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslik;
kitoblarni olish va topshirish hamda axborot-resurs markazidan foydalanish qoidalariga rioya qilish;
g) ovqatlanish joylarida:
etiket qoidalariga rioya etish va boshqa fuqarolarga qo‘pol muomalada bo‘lmaslik;
boshqalarning mulkiga zarar yetkazmaslik hamda tozalik va tartibga rioya qilish;
taomlarga buyurtma berishda va olishda navbat tartibiga rioya qilish;
ovqatlanish vaqtida shovqin qilmaslik;
ovqatlanish joyida belgilangan tartib-qoidalar rioya qilish;
d) sport majmusida:
sport majmuasiga xos bo‘lgan kiyim va poyafzallarda kirish;
sport inventarlariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
mashg‘ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirish;
sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilish.
ye) madaniyat saroyi, faollar zali va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazish joylarida:
o‘rindiq va boshqa jihozlarga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
hushtak chalmaslik, baqirmaslik, tadbir tugashidan oldin sababsiz chiqib ketmaslik;
uxlamaslik, o‘rindiqlarga yotib olmaslik, bir-biri bilan baland ovozda gaplashmaslik, telefonda so‘zlashmaslik, yon-atrofdagilarga xalaqit bermaslik.
41. Texnikum o‘quvchisi:
texnikum o‘quvchisi degan nomga munosib o‘qishi;
texnikum diplomini olish uchun emas, balki haqiqiy bilim olish uchun
o‘qishi;
nutq madaniyatini doimiy takomillashtirishi;
turli davralarda o‘zining namunaviy xulqi va bilimi bilan texnikum haqida yuksak ijobiy taassurot qoldirish uchun intilishi;
o‘quvchilar o‘z-o‘zini boshqarish tizimini faol qo‘llab-quvvatlash
va mustahkamlash, o‘quvchilik ijodiy faoliyat faolligini rivojlantirish (taʼlim, sport, badiiy va boshqalar), korporativ madaniyatni o‘stirishi;
doimo komillikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglashi;
texnikum manfaati, uning shaʼni va shonli anʼanalari, obro‘si hamda nufuzi to‘g‘risida qayg‘urish, ularni saqlab qolishga jonkuyarlik qilish
va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi;
jamoat xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib, imkon darajasida texnikumga jamoat transportida kelishi;
tanqidiy mulohazalarni obyektiv qabul qilishga va bildirishga,
o‘z xato va kamchiliklarini anglash va bartaraf etishi;
rahbariyat va xodimlarning mazkur qoidalarni bajarish to‘g‘risidagi talablarini gap talashmasdan, zudlik bilan bajarishi shart.
9-bob. Texnikum xodimlari va o‘quvchilariga man etiladigan qoidalar
42. Texnikum xodimlariga:
o‘z shaxsiy foydasi hamda o‘zgalar manfaatini ko‘zlab xizmat lavozimini suiisteʼmol qilish;
xodimlar, o‘quvchilarning shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish, o‘zgalarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilish;
hech bir shaxs haqida irqi, eʼtiqodi, millati, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi, holati va lavozimi, tili va boshqa xususiyatlaridan qatʼiy nazar noto‘g‘ri fikr yuritish va uni kamsitish (so‘z yoki harakat orqali);
rahbariyat va xodimlar, o‘quvchilar hamda o‘zgalar ustidan turli ig‘vo, g‘iybat va bo‘htonlar uyushtirish va tarqatish;
o‘quvchilar bilan o‘z hamkasabalarining kasbiy va shaxsiy kamchiliklarini muhokama qilish;
rahbariyat qarorlarini sharhlash va ularni shubha ostiga olish;
xizmat majburiyatlarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuvini yashirish;
o‘z xizmat majburiyatini bajarishda har qanday xodimga nisbatan shubhali holatni keltirib chiqaruvchi nizoli vaziyatlarga yo‘l qo‘yish, xodim obro‘si yoki texnikum nufuziga putur yetkazish;
o‘quvchilarni asossiz o‘quv mashg‘ulotlaridan chiqarib yuborish, o‘quvchini texnikum o‘quvchilar safidan chetlashtirish bilan qo‘rqitish yohud o‘quvchining shaʼni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘qishini tashlash darajasiga yetkazish;
dars mashg‘ulotlarida tijorat reklamasini o‘tkazish;
sovg‘a-salom berishga majbur qilish, xizmat vazifasini bajarish doirasida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rag‘batlantirish (sovg‘a, pul, ssuda, turli xizmat turlari, maishat, dam olishlar, transport harajatlarini to‘lash va boshqa sovg‘alar olish) qabul qilish yoki unga rozi bo‘lish (qachonki rag‘batlantiruvchi shaxs (sovg‘a beruvchi) bevosita yoki bilvosita xodimni rag‘batlantirish orqali manfaat ko‘zlaganda, mansab majburiyatlarini bajarishda unga taʼsir o‘tkazishi haqida xulosa qilish mumkin);
diniy tashviqot olib borish;
texnikum o‘quvchilari bilan har qanday moliya-iqtisodiy munosabatga kirishish (amaldagi qonunchilik asosidagi harakat bundan mustasno);
shaxsiy avtomobilni taqiqlangan joyda qoldirish, yo‘l harakati qoidalarini mensimaslik (beparvo bo‘lish), shuningdek transport vositalaridan foydalanishda xavf-xatar yaratish va boshqalar tinchligini buzuvchi holatlarga yo‘l qo‘yish;
spirtli ichimliklar ichish yoki ishga mast, soch-soqol olinmagan va kiyinish talabiga rioya qilmagan holda kelish;
shaxsiy manfaat va maqsadlarini hal qilish maqsadida texnikum rahbariyati va xodimlarning uyiga borish (shu jumladan tahdid qilish);
qimor yoki tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkillashtirish yoki ishtirok etish;
rahbariyat, hodim va o‘quvchilar haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yoki noto‘g‘ri talqin qilingan maʼlumotlarni tarqatish qatʼiyan taʼqiqlanadi.
43. O‘quvchiga:
o‘z shaxsiy foydasi yoki o‘zgalar manfaatini ko‘zlab, o‘z mavqeini suiisteʼmol qilish;
xodimlarga qo‘pollik qilish, dars mashg‘ulotlari vaqtida asossiz gapirish;
xodimlar bilan boshqa o‘quvchilarning bahosini muhokama qilish;
yolg‘on gapirib xodimlarni chalg‘itish;
xodimlar va o‘z tengdoshlariga nisbatan hurmatsizlik qilish;
texnikum xodimlari bilan har qanday moliya-iqtisodiy munosabatga kirishish (qonunchilik asosidagi harakat bundan mustasno);
yozma ishlarni himoya qilish, reyting nazoratiga doir boshqa tartib-taomillarni bajarish yoki yakuniy davlat attestatsiya vaqtida chetdan yordam olish, o‘zgalarga yordam ko‘rsatish;
boshqa shaxslar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni o‘z nomidan topshirish;
dars mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborish yoki darslarga kechikib kelish, uzrli sabablarsiz darslarni qoldirish;
dars mashg‘ulotlari vaqtida va ular tugagandan keyin pedagog xodimning ruxsatisiz auditoriyadan chiqib ketish (shuningdek, chiqishga shay bo‘lish);
dars mashg‘ulotlari o‘tayotgan vaqtda mutaxassislik va kasblar bo‘yicha dekan, guruh murabbiyining ruxsatisiz texnikum va uning hududini tark etish;
boshqa o‘quvchining saʼy-harakatlariga qasddan ziyon yetkazish;
moddiy jihatdan yaxshi taʼminlanganligini turli yo‘llar bilan
ko‘z-ko‘z qilish;
shaxsiy avtomashinasini mumkin bo‘lmagan joylarda qoldirish,
yo‘l harakati qoidalarini mensimaslik (beparvo bo‘lish), shuningdek transport vositalaridan foydalanishda xavf-xatar yaratish va boshqalar tinchligini buzuvchi holatlarga yo‘l qo‘yish;
texnikumga mast, soch-soqol olinmagan va kiyinish talabiga rioya qilmagan holda kelish;
texnikum hududiga belgilanmagan joylardan kirish (jumladan panjara, devordan oshish va boshqalar);
texnikum binolari va hovlisida, shuningdek texnikum binolaridan tashqarida spirtli ichimliklar ichish va chekish qatʼiyan man etiladi.
10-bob. Rag‘batlantirish va intizomiy choralar ko‘rish tartibi
44. O‘quv yili davomida mazkur Qoidalarga to‘la rioya qilgan, texnikumda yuksak maʼnaviy-axloqiy muhitning yana-da qaror topishi va mustahkamlanishiga xizmat qilgan xodim va o‘quvchilar – rahbariyat va boshqa tarkibiy tuzilmalar rahbarlari tavsiyasiga binoan, belgilangan tartibga muvofiq moddiy yoki maʼnaviy rag‘batlantirilishi mumkin.
45. Xodim yoki o‘quvchilar mazkur Qoidalarni buzganida, ularga nisbatan texnikum Ichki tartib-qoidalarida qayd etilgan choralar qo‘llaniladi.
Texnikum xodimlari tomonidan ushbu Qoidalarni buzganlik haqidagi maʼlumot Kadrlar bo‘limi tomonidan qabul qilinadi va direktor bilan ko‘rib chiqiladi. Ushbu Qoidalarga o‘quvchilar tomonidan rioya etilmasa,
bu holat direktor, direktorning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari hamda dekan va guruh murabbiylari ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Mazkur Qoidalarga rioya etmagan texnikum xodimiga nisbatan intizomiy javobgarlikka tortish va chora ko‘rish Kadrlar bo‘limi, o‘quvchisiga nisbatan direktorning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tegishli hujjatlar tayyorlanadi.
Xodim yoki o‘quvchining xulq-atvori ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida, mazkur Qoidalarga rioya etilmaganlik holatlari Kasaba uyushmasi qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkilotlarida ham muhokama qilish amaliyoti joriy etilishi mumkin.
11-bob. Yakuniy qoida
46.O‘qishga yoki ishga qabul qilinayotgan har bir shaxs mazkur Qoidalar bilan tanishib chiqishi hamda unga rioya qilishini o‘z zimmasiga olib, imzo qo‘yishi shart.